Nazorat bor, lekin maqsad yo‘q: Biznes qayerga ketayapti?
Kuchli nazorat bo‘lishi mumkin, lekin yo‘nalishsiz tizim natija bermaydi
Tasavvur qiling, siz avtomobil rullini juda mahkam ushlagan holda uni boshqarib boryapsiz. Har bir harakatni to‘liq nazorat qilyapsiz, lekin birgina muammo bor — qayerga ketayotganingizni bilmaysiz. Biznesda ham hech qanday aniq maqsad belgilamasdan jarayonlarni nazorat qilishni xohlash aynan shunday mantiqsiz holatdir.
Nazorat — bu shunchaki xarajatmi?
Bugungi kunda rahbarlar orasida eng ko‘p uchraydigan holat — xodimlarga tizim qo‘yish va ularni qattiq nazorat qilishga intilishdir. Buning ortidagi niyat, odatda, kim nima qilayotganini ko‘rish hamda shunga qarab maosh yoki bonus belgilash bo‘ladi. Biroq, agar nazoratdan maqsad faqat xodimning xatosini topish yoki ish vaqtini o‘lchash bo‘lsa, bu biznes uchun ortiqcha yukka aylanadi:
Mantiqsizlik: Maqsadsiz nazorat xodimlarda "ko‘zbo‘yamachilik" (imitatsiya) madaniyatini shakllantiradi.
Natija: Xodim tizim talab qilgan quruq raqamlarni berishi mumkin, lekin kompaniya ichdan rivojlanmaydi.
KPI vs Missiya: "Raqamlar ortidagi ruh"
Ko‘p tadbirkorlar biznesni boshlashda ulug‘vor Missiya (yaxshi niyat) bilan yo‘lga chiqishadi. Ammo ish jarayoni chuqurlashgani sayin, faqat kunlik masalalarni yaxshilash ("tekuvka") girdobiga botib qolishadi va o‘z KPI tizimlarini faqat shu kichik masalalar ustiga qurishadi.
Muammo: Agar tizim faqat bugungi daromadga qaratilsa, uzoq muddatli strategik ustunlik boy beriladi.
Yechim: KPI'lar kompaniyaning bozordagi asosiy farqini kuchaytirishi kerak. Masalan, missiyangiz "Eng tezkor servis" bo'lsa, xodimni faqat sotuv hajmi uchun emas, balki muammoni birinchi urinishdayoq hal qilgani uchun rag'batlantirish lozim.
"Tor yo'nalishda yengilmas bo'lish"
Xodim kutilgan rejani bajardi, daromad keldi, xato kamaydi — xo‘sh, endi-chi?. Shunchaki "yomon bo‘lmaslik" bozorda g‘olib bo‘lish uchun kamlik qiladi. Haqiqiy g‘alaba — bu uzoq muddatli o‘yinda ma’lum bir tor yo‘nalishda hamkasblardan, raqobatchilardan va o‘z o‘tmishidagi ko‘rsatkichlardan yaxshiroq bo‘lishdir. Bozorda siz kabi 10 ta biznes bo‘lishi mumkin, lekin ular siz kabi aniq bir nuqtada mijozni lol qoldira olmaydi. Apple misoli: Ular shunchaki texnika sotmaydi, balki yillar davomida xodimlarini "foydalanish qulayligi va dizayn" missiyasi atrofida tarbiyalaydi. Natijada, boshqalar ham telefon chiqarsa-da, Apple mijozni hayratda qoldirishda davom etadi.
Xulosa
Har bir rahbar o‘ziga savol berib ko‘rishi kerak: Bizning nazorat tizimimiz shunchaki xodimlarni charchatishga xizmat qilyaptimi yoki bizni uzoq muddatli yagona tanlov bo‘lishimizga yetaklayaptimi?. Bugungi 1 so‘m foydadan ko‘ra, ertangi "bozordagi eng kuchli bo‘g‘im" bo‘lish strategiyasi uzoq muddatda ko‘proq foyda keltiradi. Ushbu mavzuni sekin-sekin, turli qirralari bilan yoritib boramiz. Balki bu kimdir uchun manfaatli bo‘lar.